OʻZBEKISTONLIK OʻQUVCHI XALQARO OLIMPIADADA GʻOLIBLIKNI QOʻLGA KIRITDI
OʻZBEKISTONLIK OʻQUVCHI XALQARO OLIMPIADADA GʻOLIBLIKNI QOʻLGA KIRITDI
Joriy yilning may oyida Oʻzbekistonlik “Wunderkind Study” maktabining 5-sinf oʻquvchisi Rustam Muhammadjonov “HIPPO” xalqaro ingliz tili olimpiadasida gʻolib boʻldi. Mazkur tanlovda jami 40 ta davlatdan 36 mingta ishtirokchi oʻz bilimini sinab koʻrdi. Shundan 32 ta davlat final bosqichida Italiyada ingliz tili fanidan bellashdi. Eʼtiborlisi, mazkur xalqaro olimpiadada Oʻzbekiston maktablarida tahsil olayotgan oʻquvchilar ham iqtidorlarini namoyon etdi. Uch bosqichda oʻtkazilgan tanlovda mamlakatimizdan ikki nafar oʻquvchi muvaffaqiyatli qatnashib, yana bir bor yurtimiz nomini dunyoga tanitdi. Jumladan, Rustam Muhammadjonov eng yuqori 101 ball bilan 1-oʻrinni egalladi. Oʻzbekistonlik gʻolibga Amerikaning Mizzou Academy maktabida 2 haftalik bepul taʼlim olish imkoniyati hamda xalqaro ingliz tili tashkilotlari Pearson, IESOL tomonidan sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, “Lider Taʼlim” maktabining 6-sinf oʻquvchisi Ramiz Zohrabov 85 ball toʻplashga muvaffaq boʻldi. Vatanimiz Oʻzbekiston sharafini himoya qilgan oʻquvchilar Rustam Muhammadjonov hamda Ramiz Zohrabovlarga kelgusida bundan-da ulkan zafarlar yor boʻlishini tilab qolamiz. Taʼkidlab oʻtish kerakki, joriy yilning 3-may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga koʻra, Xalq taʼlimi vazirligi tuzilmasida 14 ta shtat birligidan iborat Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etiladi. Mazkur departament mamlakatimizning bilimli yoshlarini xalqaro musobaqa hamda olimpiadalarga tayyorlab boradi. Eslatib oʻtamiz, ushbu departamentga ishga joylashish istagida boʻlgan nomzodlar oʻz rezyumelarini www.ish.uzedu.uz saytiga joylashtirishlari mumkin.