O‘QUVCHILAR O‘RTASIDAGI FAN OLIMPIADASINING RESPUBLIKA BOSQICHIGA START BERILDI

Joriy yilning 8 iyun kuni Toshkent qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan umumta’lim fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadasi IV bosqichining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov, hamkor tashkilotlar vakillari hamda olimpiadaning 4-bosqich ishtirokchilari va o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Tadbirda Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov Olimpiadada ishtirok etayotgan o‘quvchilarga sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishlarida omad tilagan holda, yoshlarimizning iqtidorini kashf etish, ularning intellektual salohiyatini oshirish, qolaversa, iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 may kuni imzolangan “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori yoshlarimizning o‘z iqtidorlarini ro‘yobga chiqarishida muhim ahamiyatga ega ekanligi, qolaversa, mazkur hujjatga asosan iqtidorli yoshlar va ularning o‘qituvchilarini rag‘batlantirish masalalari ham takomillashtirilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadasining IV bosqichi joriy yilning 8-11 iyun kunlari Toshkent qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji binosida o‘tkaziladi.

Shuningdek, ota-onalarga olimpiada jarayonlarini kuzatuv kameralari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etish uchun olimpiada o‘tayotgan binoga yaqin bo‘lgan Olmazor tumanidagi 224-sonli maktabning sport zalida katta ekran o‘rnatildi va jarayonlarni kuzatishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki, bugungi kunda o‘tkazilayotgan fan olimpiadasining o‘ziga xos jihatlari mavjud bo‘lib, ular quyidagilar:

birinchidan, umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilarining ham ishtirok etmoqda;

ikkinchidan,olimpiadaning shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida katta sport zallari, faollar zali hamda katta hajmdagi fayelarda o‘tkaziladi;

uchinchidan, hakamlar hay’ati a’zolari tarkibida teng miqdorda umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey,kasb hunar kollejlari, hamda oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari jalb etildi;

to‘rtinchidan, olimpiada o‘tkazish jarayonlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn tarzda translyatsiya qilinadi va ota-onalar olimpiada jarayonlarni kuzatib boradi

beshinchidan, olimpiada topshiriqlarining amaldagi va xalqaro olimpiadalar standarti materiallari talablari asosida tayyorlanganligi alohida ahamiyat kasb etadi.

oltinchidan, olimpiada jarayonlarini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib boriladi.

Bundan tashqari, olimpiada jarayonlarini shaffofligi ta’minlash maqsadida har bir xonaga turli rakursda namoyish etadigan kuzatuv kameralari o‘rnatildi.

Eslatib o‘tamiz, umumta’lim fanlari bo‘yicha Respublika olimpiadasining 3-bosqichi maktab o‘quvchilari uchun alohida, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan yoshlar uchun alohida o‘tkazildi.

Jumladan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi fan olimpiadalari 2019 yilning 23-27 mart kunlari o‘tkazilib, unda jami 20 649 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Shuningdek, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining 2- va 3-bosqichida tahsil olayotgan o‘quvchilar 2019 yilning 2-6 aprel kunlari o‘tkazildi va unda 5280 nafar o‘quvchi qatnashdi.

Uchinchi bosqich natijalariga ko‘ra, jami 1059 nafar (612 nafar umumta’lim maktablaridan, 447 nafar akademik litsey va kasb-hunar kollejlardan) o‘quvchi olimpiadaning respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Fan olimpiadasining Respublika bosqichi 18 ta fan bo‘yicha o‘tkazilmoqda va mazkur fanlarning har biridan 3 nafardan g‘olib o‘quvchilar aniqlanadi hamda ularga Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-sonli qaroriga muvofiq tegishli fan yo‘nalishida oliy o‘quv yurtiga kirishda imtyozlar beriladi.