FAN OLIMPIADASINING RESPUBLIKA BOSQICHI GʻOLIBLARI ANIQLANDI

Joriy yilning 8-iyun kuni Toshkent qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida akademik litseylar, kasb-hunar kolleji va umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida umumtaʼlim fanlari boʻyicha Respublika olimpiadasining IV bosqichi boshlangan edi. Bugun 11-iyun kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida ushbu respublika fan olimpiadasining yopilish marosimi va gʻoliblarni taqdirlashga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Xalq taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Alisher Umarov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari Murodilla Xolmuhamedov hamda hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etib, olimpiada sovrindorlarini qutlagan holda ularga kelajakda ulkan zafarlar tiladi. Shuningdek, gʻoliblarga diplomlar va oliy taʼlim muassasalariga test sinovlarsiz hamda qoʻshimcha imtihonlarsiz kirish imtiyozini beruvchi guvohnomalar topshirildi.

Olimpiadaning IV-bosqichi 18 ta umumtaʼlim fanlaridan (maxsus maktab-internati oʻquvchilari uchun ona tili va adabiyot hamda matematika fanlaridan) oʻtkazildi. Mazkur bosqichda 1059 nafar (448 nafari akademik litsey va kasb-hunar kolleji, 611 nafari maktab oʻquvchilari) oʻquvchilar ishtirok etdi.

Olimpiadasining respublika bosqichi yakuniga koʻra, jami 18 ta fandan 53 nafar oʻquvchi gʻolib deb topildi va shundan 20 nafari 1-oʻringa, 18 nafari 2-oʻringa va 15 nafari 3-oʻringa sazovor boʻldi. Jamoalar hisobida esa Toshkent shahri 12 ta sovrinli oʻrin bilan 1-oʻrinni, Navoiy viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi 5 ta oʻrin bilan 2-oʻrinni, Andijon, Namangan, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlari 4 ta oʻrin bilan 3-oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi.

Jarayonlarning haqqoniy va shaffofligini taʼminlash maqsadida hakamlar hayʼati va appelyatsiya komissiyasi tarkibi Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, oliy taʼlim muassasalari rektorlari takliflari asosida Davlat test markazi vakili, Fanlar akademiyasi institutlarining yetakchi pedagog-olimlari, oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari va umumtaʼlim maktablarining yetakchi professor-oʻqituvchilari tarkibidan shakllantirildi.

Taʼkidlash joizki, gʻoliblar orasidan 23 nafari akademik litseylar, 8 nafari kasb-hunar kollejlari, 22 nafari umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari.

Olimpiadada fanlardan 1-, 2- va 3- oʻrinlarni egallagan oʻquvchilar Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktyabrdagi “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi 226-sonli qaroriga binoan oliy taʼlim muassasalariga test sinovlarisiz hamda qoʻshimcha imtihonlarsiz kirish imtiyoziga ega boʻldilar.