OʼQUVChILАR OʼRTАSIDА FАN OLIMPIАDАLАRINI OʼTKАZISh HАMDА XАLQАRO OLIMPIАDАLАRIDА IShTIROK ETIShNING YANGI TАRTIBI TАKLIF ETILMOQDА

Normativ huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʼrta taʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar maktablari oʼquvchilari oʼrtasida fan olimpiadalarini oʼtkazish va xalqaro olimpiadalarda ishtirok etishning yangi tartibi toʼgʼrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Ushbu qaror bilan tasdiqlanayotgan Nizom loyihasida fan olimpiadalarini toʼrtta yoʼnalishda tashkil etish taklif etilmoqda:
1. Аsosiy fan olimpiadasi
2. Qoʼshimcha Respublika olimpiadalari
3. Xalqaro fan olimpiadalarga saralash
4. Onlayn olimpiada
Ushbu qarorga koʼra Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, umumiy oʼrta taʼlim maktablari, akademik litseylar hamda kasb-hunar maktablari oʼquvchilari oʼrtasida oʼtkaziladigan fan olimpiadalarining yaxlit tizimi ishlab chiqilgan. Jumladan, olimpiadalarni oʼtkazish, gʼoliblarni aniqlash va taqdirlash, sertifikat taqdim etish, moliyalashtirish hamda xalqaro olimpiadalarda qatnashish uchun Oʼzbekiston terma jamoasini shakllantirish tartibi belgilanadi. Bundan tashqari, ushbu loyihada hakamlar hayʼati aʼzolari, auditoriya rahbarlari, nazoratchilar va apellyatsiya komissiyasining vakolatlari va majburiyatlari, ularning oʼz faoliyatida rioya qiladigan tamoyillar va javobgarliklari belgilangan.
Mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan Nizom loyihasida xalqaro fan olimpiadasi gʼoliblari oliy taʼlim muassasalariga imtihonsiz va qoʼshimcha tanlovlarsiz kirish imtiyoziga ega boʼladi. Shu bilan birga, umumtaʼlim fanlari boʼyicha asosiy olimpiadaning respublika bosqichi gʼoliblariga ixtisoslik fani boʼyicha davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va 3 yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim etilishi mazkur qaror loyihasi bilan qayd etilgan.
Shuningdek, fan olimpiadalarini tashkil etish, oʼtkazish va xalqaro olimpiada ishtirokchilarini saralash jarayoni Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Fan olimpiadalari boʼyicha iqtidorli oʼquvchilar bilan ishlash departamenti tomonidan muvofiqlashtirib borilishi belgilanadi. Jumladan, Departament iqtidorli oʼquvchilar zaxirasini shakllantiradi va mazkur oʼquvchilarning kelgusidagi faoliyati monitoringini olib boradi.
Loyiha bilan oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan olimpiada gʼoliblariga “Ustoz-shogird” tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislar biriktirilishi, oliy taʼlim muassasasini tamomlagan olimpiada gʼoliblari Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamgʼarmasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritilishi koʼrsatib oʼtilgan. Loyiha boʼyicha takliflaringizni quyidagi havola orqali qoldirishingiz mumkin:

👉 https://regulation.gov.uz/ru/document/14216