NAMANGANDA XALQARO OLIMPIADA GʼOLIBLARI AVTOMASHINA BILAN TAQDIRLANADI

         Iqtidorli oʼgʼil-qizlar, isteʼdodli yoshlarni kashf etish, qoʼllab-quvvatlash va ragʼbatlantirish borasidagi amaliy saʼy-harakatlar qamrovi va salmogʼi tobora ortib bormoqda. Prezidentimizning 2019-yil 3-maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori hamda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-martdagi “Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari gʼoliblari boʼlgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktablari oʼquvchilarini taqdirlash tartibi toʼgʼrisidagi nizomga qoʼshimchalar kiritish haqida”gi qaror ham ana shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatli.

          Mazkur hujjatlar ijrosini taʼminlash, jahon maydonlarida mamlakatimiz nufuzini yuksaltirishga salmoqli hissa qoʼshgan xalqaro fan olimpiada gʼoliblarini munosib ragʼbatlantirish maqsadida Namangan viloyati hokimligining farmoyishi qabul qilindi.

          Namangan viloyati hokimi farmoyishga binoan xalqaro fan olimpiadalarda munosib ishtirok etishi uchun viloyatdan iqtidorli oʼquvchi-talabalarni tanlab olinib, ularni oliy toifali hamda professor-oʼqituvchilar orqali har jihatdan mukammal tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi.

           Namangan viloyat hokimligi tomonidan ilm-u iqtidori va qobiliyatini amalda yaqqol namoyon etib, xalqaro (tan olingan) fan olimpiadalarida gʼoliblikni qoʼlga kiritib, faxrli oʼrinlarni qoʼlga kiritgan 

1-oʼrin gʼoliblari — “Nexia-3” avtomobili;

2-oʼrin gʼoliblari — “Spark” avtomobili;

3-oʼrin gʼoliblari — “Damas” avtomobili bilan taqdirlanadi.

            Ozod va obod diyorimizning yuksalish yoʼlidagi odimlariga hissa qoʼshishga bel bogʼlagan intellektual yoshlar uchun beqiyos imkoniyatlar mujassam. Ulardan foydalaning va oʼzingizni namoyon qiling!

Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi Аxborot xizmati