Samarqandda respublika fan olimpiadasining xorijiy tillar bo‘yicha respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi

29-may kuni Samarqandda respublika fan olimpiadasining xorijiy tillar bo‘yicha respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Uning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi. Respublika fan olimpiadasida viloyatlardan ishtirok etishi kutilgan 135 nafar o‘quvchining barchasi dastlabki sinovlarda ishtirok etishdi.

Ikki kun davom etadigan olimpiada jarayonlari Samarqand shahri Mirzo Ulug‘bek nomidagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatida tashkil etildi. U yerda viloyatlardan kelgan o‘quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi.

O‘tkazilayotgan fan olimpiadasining (IV) respublika bosqichida uning (III) viloyat bosqichlarida g‘oliblikni egallagan jami 135 nafar 11-sinf o‘quvchilari va akademik litsey talabalari xorijiy tillar (ingliz, nemis, fransuz) hamda tojik tili va adabiyoti fanlaridan ishtirok etdi.

O‘quvchilar ingliz, nemis, fransuz va tojik tillaridan yozma ish orqali bilimlarini namoyon etishdi.

Jarayonlar ovozli kameralar, nazoratchilar tomonidan kuzatib borildi.

Sinovlar yakunlangach, olimpiada ishtirokchilari Samarqandning diqqatga sazovor tarixiy obidalari va qadamjolariga sayohati uyushtirildi.