BILIMI BILAN DUNYOGA TANILAYOTGAN OʻZBEKISTON OʻGʻLONI

2003-yilning 12-may kuni Buxoro viloyati, Peshku tumanida oʻqituvchi oilasida dunyoga kelgan oʻgʻlonga orzu-havas bilan Jahongir deb ism quyishdi.

Jahongir oilada toʻngʻich farzand boʻlgani uchun unga eʼtibor katta edi. U 2009-yil Peshku tumanidagi 18-maktabning 1-sinfida tahsil ola boshladi. Bolakayning matematika faniga qiziqishi va qobiliyatini payqagan oila aʼzolari uyda unga atab moʻjazgina kutubxona yaratib berishdi.

Jahongir 5-sinfda oʻqiyotgan paytidan boshlab, har yili bilimlar bellashuvi, keyinchalik esa fan olimpiadasining tuman, viloyat va Respublika bosqichlarida 1-oʻrinni qoʻlga kirita boshladi. Bilimdon oʻquvchi muvaffaqiyatlari evaziga faxriy yorliq, diplom va medal bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, Jahongir Norboyev Tayland Qirolligining Changmey shahrida boʻlib oʻtgan “Xalqaro matematika musobaqa”sining viloyat va respublika saralash bosqichlarida 1-oʻringa sazovor boʻldi. Xalqaro matematika musobaqasida qatnashib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Jamoaviy tarkibda Oʻzbekiston terma jamoasining sardori sifatida 2-oʻrinni oʻrinni olganligi uchun diplom, terma jamoasi esa kubok bilan taqdirlandi.

2017-yilda Yaponiya davlatining “SAKURA” ilmiy tadqiqot dasturi boʻyicha 10 kun Yaponiya davlatida taʼlim oldi. Iqtidorli oʻquvchilar qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti delegatsiyasi bilan Turkmaniston Respublikasining Dayanch lageriga borib keldi. Oz muddatdan soʻng Bolgariya Respublikasining Burgas shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro matematika musobaqasida 2-oʻrinni egalladi va kumush medal bilan taqdirlandi.

Janubiy Afrika Respublikasining Durban shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro matematika olimpiadasida 2-oʻrinni egallab, kumush medal va diplom bilan taqdirlandi.

Joriy yil ham Jahongir uchun omadli keldi. Qozogʻistonning Olma-ota shahrida oʻtkazilgan Jautikov nomidagi olimpiadada kumush medalga sazovor boʻldi.

Iqtidorli vatandoshimiz Jahongir Norboyevga kelgusi musobaqalardagi ishtirokida omad va zafarlar yor boʻlishini tilab qolamiz!