YURTIMIZNING IQTIDORLI OʻQUVCHILARI YANA BIR XALQARO OLIMPIADADA BILIMLARINI SINOVDAN OʻTKAZADI

Joriy yilning 9-15-yanvar kunlari matematika, fizika va informatika fanlaridan Qozogʻiston Respublikasi Olma-ota shahrida boʻlib oʻtadigan 16-Xalqaro Jautikov olimpiadasida (IZHO) mamlakatimiz oʻquvchilar jamoasi ishtirok etadi. 

Jahon miqyosida yuqori nufuzga ega boʻlgan mazkur olimpiada har yili Olma-ota shahridagi Fizika-matematika milliy maktabida oʻtkaziladi. IZHO matematika, fizika va informatika sohasidagi ulkan xalqaro loyiha boʻlib, u turli mamlakatlarning ixtisoslashgan maktab jamoalarini jamlaydi. Ushbu olimpiada eng yaxshi STEM maktablarini aniqlash uchun imkoniyat yaratadi. 

Xalqaro Jautikov olimpiadasi 2005-yildan boshlab Qozogʻiston Respublikasida oʻtkazib kelinmoqda. Xususan, Oʻzbekiston terma jamoasi 2006-yildan buyon ishtirok etmoqda. Bu davr ichida oʻquvchilarimiz 50 dan ortiq medallarni qoʻlga kiritdi. 

Oʻtgan yilgi olimpiadada dunyoning 18 davlatining 540 nafar ishtirokchilari orasidan yurtimiz oʻquvchilari 11 ta (bitta oltin, uchta kumush, yettita bronza) medalni qoʻlga kiritgani Oʻzbekistonda iqtidorli yoshlarga koʻrsatilayotgan eʼtibor va eʼtirofning yaqqol ifodasi boʻldi. 

Dunyoda yangi texnologiyalar jadal rivojlanib borayotganligini hisobga olib, IZHOning uchta yoʻnalishi (matematika, fizika va informatika) ishtirokchilar uchun ilmiy faoliyatga qiziqish istagini kuchaytirishga imkoniyat yaratadi. 

Ushbu olimpiada oʻquvchilar uchun fizika va matematika boʻyicha oʻz bilimini xalqaro miqyosda sinash va jamoaviy hamkorlikni ragʻbatlantirish, olimpiada tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tajriba almashish hamda asosiy jahon olimpiadasida muvaffaqiyatli qatnashish uchun keng imkon beradi. 

Eslatib oʻtamiz, yaqinda Davlatimiz rahbari yoshlar bilan uchrashuvda Xalq taʼlimi vazirligida tashkil etilgan Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash departamentiga iqtidorli oʻquvchilarning xalqaro olimpiadalarda ishtirokini taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar bergan edi. 

Xalqaro Jautikov olimpiadasida ishtirok etuvchi oʻquvchilarimizga omad tilab qolamiz.