XALQ TAʼLIMI TIZIMIDAGI MAKTABLARNING 10-11-SINFLARIDA FANLAR IXTIYORIY TANLOV ASOSIDA OʻQITILADI
XALQ TAʼLIMI TIZIMIDAGI MAKTABLARNING 10-11-SINFLARIDA FANLAR IXTIYORIY TANLOV ASOSIDA OʻQITILADI
2019-2020 oʻquv yilining uchinchi choragidan boshlab, tajriba sifatida 10-11-sinflarda fanlar ixtiyoriy tanlov asosida oʻqitila boshlanadi. Tajriba sinov 2019-2020 oʻquv yili yakuniga qadar oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri buyrugʻi bilan 2019-2020 oʻquv yilining uchinchi choragidan boshlab, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida variativ oʻquv rejalar tajriba-sinovdan oʻtkaziladi. Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019-yilda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xarita”sida variativ (oʻzgaruvchan) oʻquv rejalarining joriy etilishi belgilangan. Variativ oʻquv rejalarini joriy qilishdan maqsad oʻquvchilarning oʻzlari qiziqqan fanlarni chuqur oʻrganishiga sharoit yaratish, maktab bitiruvchilarining oliy oʻquv yurtiga kirish imtihoniga tayyorgarlik koʻrishini taʼminlash va yuqori sinflarda oʻquv jarayonini kasblarga yoʻnaltirilgan holda tashkil etishdan iborat. Taʼkidlash joizki, variativ oʻquv rejalarining joriy qilinishi ixtiyoriy boʻlib, maktabda tanlov sinfini tashkil etishda yuqori malakali, tajribali oʻqituvchilarning mavjudligi inobatga olinadi. Quyidagi hollarda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida variativ (oʻzgaruvchan) oʻquv reja joriy qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi: oʻquvchilar, oʻqituvchilar va ota-onalardan norozichilik boʻlsa; umumiy oʻrta taʼlim maktablari variativ (oʻzgaruvchan) oʻquv reja asosida oʻqitiladigan sinfga tegishli fandan dars berish uchun yetarli malaka va tajribaga ega oʻqituvchi bilan taʼminlanmagan boʻlsa. Tanlov sinfi yoʻnalishi 10-, 11-sinflar kesimida oʻquvchilar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish orqali aniqlanadi. Bunda bir nafar oʻquvchi faqat bitta yoʻnalishni tanlaydi. Oʻquvchilar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazish va natijasini umumlashtirish uchun maktabda tanlov komissiyasi tuziladi. Komissiya tarkibiga maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari, psixolog, fan metod birlashma rahbari va ota-onalar qoʻmitasi raisi kiritiladi. Shu bilan birga, tanlov komissiyasi aʼzolari tarkibiga oʻquvchilarning ota-onalari va tegishli yoʻnalishdagi fan oʻqituvchilari kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi (ota-onalar qoʻmitasi raisi va fan metod birlashma rahbari bundan mustasno). Soʻrovnomani oʻtkazish va natijalarini umumlashtirish jarayonining shaffofligini taʼminlash, jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida ushbu jarayonlarda maktabning Kuzatuv kengashi aʼzolari kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Soʻrovnoma natijasida tegishli tanlov sinfida oʻqishni xohlagan oʻquvchilar soni 35 nafardan oshib ketsa, bunday holda oʻquvchilar maktab tomonidan tashkil etiladigan tegishli fan boʻyicha sinov natijalari asosida tanlov sinfiga qabul qilinadi. Agarda tanlov sinfida oʻqishni xohlagan oʻquvchilar soni 35 nafardan ortiq boʻlmasa, bunday holda oʻquvchilar tanlov sinfiga sinovsiz qabul qilinadi. Tanlov sinfini tashkil etish uchun quyidagi yoʻnalishlar tavsiya etiladi: birinchi yoʻnalish: xorijiy til va filologiya yoʻnalishi; ikkinchi yoʻnalish: moliya – iqtisod yoʻnalishi; uchinchi yoʻnalish: texnologiya yoʻnalishi; toʻrtinchi yoʻnalish: tabiiy fanlar yoʻnalishi; beshinchi yoʻnalish: ijtimoiy-gumanitar yoʻnalish. Pedagogika kengashi qarori bilan tasdiqlangan tanlov sinfi yoʻnalishidan kelib chiqib, tegishli fan metodika birlashmasi va direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari tomonidan tanlov sinfining oʻquv rejasi tuziladi. Tanlov sinfi uchun variativ oʻquv rejani tuzishda 2019-2020 oʻquv yiliga moʻljallangan tayanch oʻquv rejada 10-11-sinflarga ajratilgan umumiy dars soatlari miqdori asos qilib olinadi. Bunda haftalik umumiy soatlar miqdori 10-sinfda 30 soatni, 11-sinfda 31 soatni tashkil etadi. Variativ oʻquv rejalarining joriy etilishi natijasida 10- va 11-sinflarda oʻquvchilar oʻqiydigan majburiy fanlar soni 15 tadan 8 taga kamayadi. Mazkur oʻquv rejasini tajriba-sinovdan oʻtkazish jarayonida ona tili va adabiyoti, oʻzbek tili/rus tili, chet tili, tarix, matematika, informatika, maʼnaviyat asoslari (tarbiya), jismoniy tarbiya fanlari majburiy oʻqitiladi. Mazkur majburiy fanlarga ajratilgan soatlarning miqdori tayanch oʻquv rejada belgilangan miqdordan (10-sinfda jami 19 soatdan, 11-sinfda 19,5 soatdan) kam boʻlmasligi lozim. Oʻquvchilar tomonidan tanlangan yoʻnalishga oid fanlar tanlov fanlari hisoblanadi. Tanlov sinfida majburiy fanlar bilan birga tanlov fanlari ham oʻqitiladi va tanlov fanlari uchun haftada 10-sinfda jami 11 soat, 11-sinfda 11,5 soat ajratiladi. Tanlov fanlariga 2019-2020 oʻquv yiliga moʻljallangan tayanch oʻquv rejada 10-11-sinf uchun belgilangan barcha fanlar kiradi. Majburiy fanlar tanlov fani sifatida ham tanlanishi mumkin. Bunda majburiy fanga tayanch oʻquv rejada ajratilgan soatga qoʻshimcha ravishda tanlov fani uchun ajratilgan soat qoʻshib oʻqitiladi. Tanlov fanlariga boshqa fanlar hisobidan ajratiladigan qoʻshimcha soatlarni oʻtishda fanlarning boʻlib oʻqitilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Shuningdek, tanlov fani sifatida tanlangan majburiy fanlar: “Chet tili”, “Informatika va axborot texnologiyalari”, “Jismoniy tarbiya”, taʼlim tili oʻzbek tili boʻlmagan umumiy oʻrta taʼlim maktabida “Oʻzbek tili” hamda taʼlim tili rus tili boʻlmagan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida “Rus tili” fanlari ikki guruhga boʻlib oʻqitilishiga yoʻl qoʻyilmaydi (mazkur fanlarga tayanch oʻquv rejada ajratilgan soatlar bundan mustasno). Tanlov sinfida tanlov fanlari uchun ajratilgan soatlarni yoʻnalishlar boʻyicha tegishli fanlar uchun quyidagicha taqsimlash tavsiya etiladi: Xorijiy til va filologiya yoʻnalishida: 10-sinfda “Chet tili” fani 5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 6 soat, 11-sinfda “Chet tili” fani 5,5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 6 soat oʻqitilishi mumkin; Moliya – iqtisod yoʻnalishida: 10-sinfda “Matematika” fani 6 soat, “Chet tili” fani 5 soat, 11-sinfda “Matematika” fani 5,5 soat, “Chet tili” fani 6 soat oʻqitilishi mumkin; Texnologiya yoʻnalishida: 10-sinfda “Matematika” fani 4 soat, “Fizika” fani 7 soat, 11-sinfda “Matematika” fani 4,5 soat, “Fizika” fani 7 soat oʻqitilishi mumkin; Tabiiy fanlar yoʻnalishida: 10-sinfda “Biologiya” fani 5 soat, “Kimyo” fani 6 soat, 11-sinfda “Biologiya” fani 5,5 soat, “Kimyo” fani 6 soat oʻqitilishi mumkin; Gumanitar yoʻnalishida: 10-sinfda “Tarix” fani 5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 6 soat, 11-sinfda “Tarix” fani 5 soat, “Ona tili va adabiyoti” fani 6,5 soat oʻqitilishi mumkin. Tanlov fani boʻyicha qoʻshimcha ajratilgan soatlarda quyidagilar amalga oshiriladi: oʻquvchilarga fanlarni chuqur oʻrgatish va tegishli mavzularga doir qoʻshimcha maʼlumotlar berish; oʻquvchilar bilimini mustahkamlash va mavzularni toʻliq oʻzlashtirilishini taʼminlash; “Khan Academy Oʻzbek – Onlayn taʼlim platformasi” taʼlim resurslaridan foydalanish; qoʻshimcha adabiyotlardan misol va masalalar, testlar (DTM saytidagi namunaviy testlar) yechish; oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilarini jalb qilish; oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasalarining kirish imtihonlariga tayyorlash. Tanlov fanlarini chuqur oʻrgatishda darsliklardan tashqari, qoʻshimcha adabiyot va manbalardan foydalanish mumkin. Bunda mualliflik oʻquv dasturlaridan amaliyotda foydalanishga Respublika taʼlim markazi tomonidan ekspertizadan oʻtkazilgan taqdirda ruxsat etiladi. “Variativ oʻquv rejalari hozirda tajriba sifatida joriy etilmoqda. Yangi tizim oʻquvchilarga maktabning oʻzida oliy taʼlim muassasasiga kirish imtihoniga tayyorlanishi uchun imkoniyat yaratib, repetitorga ehtiyojini kamaytiradi. Shuningdek, oʻquvchilarning vaqti tejaladi. Natijada, ota-onalarning repetitorga sarflayotgan mablagʻi tejalib, kam taʼminlangan oila farzandlari uchun ham OTMga bepul tayyorgarlik koʻrishga imkon yaratiladi”, dedi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi matbuot kotibi Anvar Umarov.