YURTIMIZ OʻQUVCHILARI XALQARO OLIMPIADA SOVRINDORI BOʻLDI

Joriy yilning 20-dekabr kuni Rossiya Federatsiyasining “Mega-Talant” isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash markazi tomonidan biologiya va kimyo fanidan XVI Xalqaro olimpiadasi oʻtkazildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH)ga aʼzo davlatlarning isteʼdodli oʻquvchilari bilan birga mamlakatimiz yoshlari ham bellashuvda oʻz iqtidorini namoyon etdi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tasarrufidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 5 nafar oʻquvchisi olimpiadada faol ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni egalladi.

Mazkur olimpiadada Muxtorxoʻjayeva Durdona (10-sinf) 30 baldan 28 ball, Raxmatullaev Jasur (9-sinf) 30 baldan 28 ball, Jamolov Azimjon (9-sinf) 30 baldan 28 ball, Boymaxammadov Ikromiddin (9-sinf) 30 baldan 28 ball toʻplab 2-oʻrinni egalladi. Kamolov Umidjon esa (9-sinf) 30 baldan 26 ball toʻplab, 3-oʻrin sohibi boʻldi.

“Mega Talant“ isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash markazi har yili bir necha marotaba 26 xil yoʻnalish boʻyicha olimpiada oʻtkazadi. Bu olimpiadalarda MDH davlatlaridan 1 mln.dan ortiq oʻquvchilar qatnashadi.

Olimpiadalar onlayn ravishda olib borilib, oʻquvchilar 15 ta savoldan iborat test sinovi boʻyicha baholanadi.

Test sinovlari natijalari boʻyicha eng yuqori 80% natija egalari 1-, 2- va 3-darajali diplomlar bilan taqdirlanadi. Faol ishtirokchilarga sertifikat topshiriladi. Shuningdek, olimpiada ishtirokchilari noutbuk, elektron kitobga ham ega boʻladi.