O‘ZBEKISTONLIK O‘QUVCHILAR III XALQARO INTEGRATSIYALASHGAN FAN OLIMPIADASIDA MUVAFFAQIYATLI ISHTIROK ETDI
O‘ZBEKISTONLIK O‘QUVCHILAR III XALQARO INTEGRATSIYALASHGAN FAN OLIMPIADASIDA MUVAFFAQIYATLI ISHTIROK ETDI
Joriy yilning 10-15 dekabr kunlari Ozarbayjon Respublikasining poytaxti Boku shahrida 14-16 yoshdagi o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan III Xalqaro integratsiyalashgan fan olimpiadasida yosh hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Xususan, ishtirokchilardan Buxoro viloyati, Qorako‘l tumanidagi Xalqaro matematika maktabining 8-sinf o‘quvchisi Anvar Rahmatov kumush, ushbu maktabning 10-sinf o‘quvchisi Sevara Ostonova bronza va Toshkent shahridagi Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi Doniyor Voisov bronza medali sovrindori bo‘lishdi. Shuningdek, Qorako‘l tumanidagi Xalqaro matematika maktabining 8-sinf o‘quvchisi To‘ymurod Qodirov faol ishtiroki uchun faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
Ozarbayjon Respublikasi Yoshlar va sport vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro olimpiada 2013 yildan buyon o‘tkaziladi. 2019 yilda xalqaro olimpiadada Belorusiya, Gruziya, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Estoniya va O‘zbekistondan kelgan o‘quvchilar ishtirok etishdi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Xalq ta’limi vazirligida tashkil etilgan Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamentiga iqtidorli o‘quvchilarning xalqaro olimpiadalarda ishtirokini ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Mazkur vazifaning ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda departament xodimlari respublikamizdagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni dunyodagi turli mamlakatlarda o‘tkazilayotgan fan olimpiadalarida faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ish olib bormoqda. Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati