TERMIZDA MATEMATIKA VA FIZIKA FANLARIDAN RESPUBLIKA OCHIQ OLIMPIADASI BOʻLIB OʻTMOQDA

Mamlakatimizda iqtidorli oʻquvchilarni saralash va ularni munosib ragʻbatlantirish maqsadida fan olimpiadalari tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida Jizzax viloyatida biologiya fanidan Abu Ali ibn Sino nomidagi, Fargʻona viloyatida kimyo fanidan Abu Rayhon Beruniy nomidagi, Buxoro viloyatida matematika fanidan Mirzo Ulugʻbek nomidagi, Xorazm viloyatida fizika fanidan Ahmad Al-Fargʻoniy nomidagi, Toshkent shahrida informatika va axborot texnologiyalari boʻyicha Al-Xorazmiy nomidagi respublika fan olimpiadalari oʻtkazildi.

Joriy yilning 2-dekabrida ilk bora tantanali taqdirlash marosimi oʻtkazilib, xalqaro fan olimpiadalari gʻoliblari va ularning oʻqituvchilari pul mukofoti bilan ragʻbatlantirildi.

Bu kabi ijobiy ishlar oʻquvchilarning fan olimpiadada ishtirok etishga qiziqishini yanada oshirib, iqtidorli oʻquvchilar safini kengaytirmoqda.

Shunday tashabbuslarni davom ettirgan holda Xalq taʼlimi vazirligi navbatdagi fan olimpiadasini Surxondaryo viloyatida oʻtkazish tashabbusi bilan chiqdi.

Bugun Termiz shahrida matematika va fizika fanlaridan respublika ochiq olimpiadasi boʻlib oʻtmoqda. Ushbu olimpiada Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 3-maydagi qarorida belgilangan vazifalar doirasida oʻtkazilmoqda.

Matematika va fizika fanlaridan oʻtkazilayotgan ushbu olimpiadada respublika umumtaʼlim maktablarining 850 nafarga yaqin 8-9-sinf oʻquvchilari ishtirok etmoqda.

Eng yuqori ball toʻplagan ishtirokchilar kelgusida iqtidorli oʻquvchilar zaxirasiga qabul qilinadi hamda xalqaro olimpiadalarda qatnashuvchi Oʻzbekiston terma jamoasi zaxirasiga kiritiladi.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati