YURTIMIZ O‘QUVCHILARI XALQARO O'SMIRLAR ILM-FAN OLIMPIADASIDA G‘OLIB BO‘LDI

Joriy yilning 3-12 dekabr kunlari Qatar davlatining Doha shahrida 15 yoshga to‘lmagan o‘quvchilar o‘rtasida 16-Xalqaro tabiiy fanlar bo‘yicha o‘smirlar olimpiadasi (International Junior Science Olympiad - 2019) o‘tkazildi.

Mazkur olimpiadada 70 ta davlatdan tashrif buyurgan 409 nafar eng iqtidorli o‘quvchilar 3 turda - test, yozma ish hamda jamoaviy laboratoriya tajribasini o‘tkazish bo‘yicha bellashdi. Olimpiadaning boshqa musobaqalardan farqli jihati - ishtirokchilarga uchta fandan ham teng miqdorda savollar beriladi. O‘quvchilardan fizika, kimyo va biologiya fanlarini mukammal bilishi talab etiladi.

Xalq ta’limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti O‘zbekiston terma jamoasining ushbu xalqaro olimpiadada ishtirok etishini ta’minladi.

O‘zbekiston terma jamoasi 15 yoshga to‘lmagan quyidagi maktab o‘quvchilaridan tashkil etildi: Lazizaxon Umarova (Toshkent shahridagi 17-umumta’lim maktabi), Dilbar Baxromova (Toshkent shahridagi 202-umumta’lim maktabi), Muhammadrizo Majidov (Toshkentdagi Prezident maktabi), Zafarbek Orifjonov (Toshkentdagi Prezident maktabi), Odilbek Bozorboyev (Toshkentdagi Prezident maktabi), Umarxon Isayev («Diplomat International School» nodavlat ta’lim muassasasi).

Olimpiada natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasidan Toshkentdagi Prezident maktabining 9-sinf o‘quvchisi Muhammadrizo Majidov bronza medali sovrindori deb topildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Xalq ta’limi vazirligida tashkil etilgan Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamentiga iqtidorli o‘quvchilarning xalqaro olimpiadalarda ishtirokini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati