XTV VA OʻFA MAKTAB OʻQUVCHILARI OʻRTASIDA FUTBOL MUSOBAQALARI OʻTKAZADI

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi (XTV) va Oʻzbekiston Futbol Assotsiatsiyasi (OʻFA) bilan hamkorlikda mamlakatimizda futbolni rivojlantirish boʻyicha maktab musobaqalarini oʻtkazadi. 

Joriy yilning 6-dekabr kuni Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatovni qabul qildi. Uchrashuv davomida yoshlar oʻrtasida futbolni rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. 

Taʼkidlash joizki, 2019-yil 4-dekabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ gi farmonni imzoladi. 

Prezidentimiz farmoniga binoan, Oʻzbekistonda professional futbol rivojlantirilib, bolalar va oʻsmirlarning futbolga qiziqishi oshiriladi, havaskor futbol ommaviylashtiriladi. Umumtaʼlim maktab va boshqa oʻquv muassasalari, mahalla, tashkilotlarda muntazam ravishda futbol musobaqalari tashkil etiladi. 

Muzokaralar davomida Sherzod Shermatov va Ravshan Ermatov ikki tashkilot oʻrtasidagi bolalar futbolini rivojlantirish hamda ommalashtirish boʻyicha hamkorlik masalalarini muhokama qildi. 

Xususan, tomonlar maktab oʻquvchilari oʻrtasida muntazam ravishda futbol musobaqalarini oʻtkazishni rejalashtirib oldi. Ravshan Ermatovning taʼkidlashicha, ushbu turnirlarga yangi isteʼdodlarni izlayotgan seleksionerlar tashrif buyuradi. Iqtidorli bolalar ixtisoslashtirilgan futbol maktablariga yuboriladi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov vazirlik ushbu yoʻnalishda OʻFA bilan hamkorlik qilishga tayyorligini taʼkidladi. Shuningdek, iqtidorli yoshlarning adolatli tanlanishini taʼminlash zarurligi va bu mamlakatimizda futbol rivojiga xizmat qilishini aytib oʻtdi.

Keyingi haftadan boshlab, OʻFA Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston mintaqalarida futbol festivallari oʻtkazishni boshlaydi.