Toshkentda Xalqaro Mendeleyev, Xalqaro Jautikov hamda Kavkaz matematika olimpiadalari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 1 may kuni poytaxtimizning 97-umumta’lim maktabida 55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi, 17-Xalqaro Jautikov olimpiadasi hamda 6-Kavkaz matematika olimpiadasida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yuqorida nomlari keltirilgan olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan 21 nafar o‘quvchining barchasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi sifatida monoblok, oltin medal sohiblariga qo‘shimcha ravishda televizorlar taqdim etildi.

Shuningdek o‘quvchilarni taqdirlash tashabbusi bilan chiqqan “O‘zkimyosanoat” AJ hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Kitob markazi kitob dunyosi tarmok savdo markazlarining ham sovg‘alari topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 8-12 yanvar kunlari masofaviy tarzda matematika, fizika hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan 17-Xalqaro Jautikov olimpiadasi tashkil etildi. Unda 21 ta davlatdan 146 ta jamoa, jami 1006 nafar ishtirokchi o‘z bilimini sinab ko‘rdi. O‘zbekistonning turli hududlaridan mazkur xalqaro olimpiadada 10 ta jamoa (70 nafar ishtirokchi) ishtirok etdi va 13 nafar mamlakatimiz o‘quvchilari olimpiada yakuniga ko‘ra 1 ta oltin, 2 ta kumush hamda 10 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

2021 yilning 12-17 mart kunlari 6-Kavkaz matematika olimpiadasi masofaviy tarzda o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonlik o‘quvchilar 5 ta medalni (4 ta kumush va 1 ta bronza) qo‘lga kiritdi. Xalqaro olimpiadada turli davlatlardan jami 300 ga yaqin o‘quvchilar ishtirok etdi.

2021 yil 20-26 aprel kunlari 28 ta davlat o‘quvchilari o‘rtasida 55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi onlayn tarzda o‘tkazildi. O‘zbekiston sharafini mazkur olimpiadada 7 nafar o‘quvchi himoya qilib, ularning barchasi sovrindor bo‘ldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, vatanimiz sharafini himoya qilgan o‘quvchilarimiz 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan taqdirlandi.

Endilikda o‘quvchilar nufuzli fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun tayyorgarlik olib boradilar.

Batafsil bu yerda o'qishingiz mumkin.