55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida 7 nafar o‘quvchining barchasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi

2021 yil 20-26 aprel kunlari 28 ta davlat o‘quvchilari o‘rtasida 55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasi onlayn tarzda o‘tkazildi. O‘zbekiston sharafini mazkur olimpiadada 7 nafar o‘quvchi himoya qilib, 7 nafari ham medal sohibi bo‘ldi.

Xalqaro olimpiada ikkita nazariya turda o‘tkazildi. Ilk bosqichda barcha ishtirokchilar 8 ta majburiy masala ishlagan bo‘lsa (jami 80 ball), ikkinchi bosqichda kimyo fanining 5 bo‘limiga oid 15 masaladan ixtiyoriy 5 tasini ishlash talab qilindi (jami 75 ball). Ikki bosqich natijalariga ko‘ra g‘olib o‘quvchilar aniqlandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra vatanimiz sharafini himoya qilgan o‘quvchilarimiz 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan taqdirlandi.

O‘tgan yilgi 54-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

G‘olib ishtirokchilarga diplomlar va medallar hamda sovg‘a qilinadigan kitoblar tashkiliy qo‘mita tomonidan pochta orqali jo‘natiladi.

Ma’lumot uchun: Bugungi kungacha O‘zbekiston terma jamoasining hisobida 7 ta oltin, 20 ta kumush va 51 ta bronza medallari mavjud.

 

55-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida sovrindor o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar

🥇Oltin medal – 1 ta

Firdavs Sobirov – Buxoro shahar 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi.

🥈Kumush medal – 4 ta

Azimjon Jamolov – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi;

Sobirjon Amanov – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o‘quvchisi;

Nafisa Normurodova – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o‘quvchisi;

Durdona Muxtarxo‘jaeva – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi.

🥉Bronza medal – 2 ta

Ikromiddin Boymahammadov – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi;

Begzod Ro‘ziboev – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o‘quvchisi.