O‘ZBEKISTONLIK O‘QUVCHILAR YAPONIYADA «XALQARO ILM-FAN VA TEXNOLOGIYALAR» DASTURIDA ISHTIROK ETMOQDA
O‘ZBEKISTONLIK O‘QUVCHILAR YAPONIYADA «XALQARO ILM-FAN VA TEXNOLOGIYALAR» DASTURIDA ISHTIROK ETMOQDA
Mamlakatimizda ta’lim sifatini oshirishda ilg‘or xorijiy mamlakatlarning xalqaro tajribalarini o‘rganish va uni milliy ta’lim jarayoniga joriy etish asosiy maqsad etib belgilangan. Shu maqsadda o‘zbekistonlik bir guruh iqtidorli o‘quvchilar joriy yilning 1 dekabridan boshlab Yaponiyaning Tokio shahrida Yaponiya Fan va texnologiyalari agentligi (JST) tomonidan tashkil etilgan “Sakura science High School program” dasturida qatnashmoqda. Dastur doirasida mamlakatimiz o‘quvchilari xorijiy tengdoshlariga O‘zbekistondagi ta’lim jarayoni haqida ma’lumot berib, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga oid debatlarida ishtirok etadi. Shuningdek, dastur davomida Yaponiyaning eng ilg‘or universitetlari va maktablarida bo‘lib, dunyoga mashhur professorlar, Nobel mukofoti sovrindorlari bo‘lgan olimlar ma’ruzalarini tinglaydi. Dastur doirasida o‘quvchilar uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilishi hamda Yaponiyaning tarixiy va zamonaviy maskanlariga sayohati ham rejalashtirilgan. Dastur yakunida o‘zbekistonlik iqtidorli o‘quvchilarning taqdimotda faol ishtiroki natijalariga ko‘ra Sertifikat bilan taqdirlanadi. Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, kelgusi o‘quv yilidan boshlab mamlakatimizda 5 ta maktabda yapon tilini chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan maktablar o‘z faoliyatini boshlaydi va bu haqida Hukumat qarori ham qabul qilingan. Mamlakatimiz rahbarining joriy yil dekabr oyida Yaponiyaga kutilayotgan tashrifidan oldin barcha sohalar kabi ta’lim sohasida ham o‘zaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumanidagi 43-maktabga yapon arxeolog olimi Kyudzo Katoning nomini berish hamda yapon va ingliz tilini chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan yosh arxeologlar maktabini tashkil etish rejalashtirildi. O‘zbekistonlik iqtidorli o‘quvchilarning Yaponiyadagi «Xalqaro ilm-fan va texnologiyalar» dasturidagi ishtiroki 8 dekabrga qadar davom etadi. Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati