XALQARO OLIMPIADA G‘OLIBLARI VA ULARNING O‘QITUVCHILARI TAQDIRLANDI
XALQARO OLIMPIADA G‘OLIBLARI VA ULARNING O‘QITUVCHILARI TAQDIRLANDI
Joriy yilning 2 dekabr kuni Toshkent shahrida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi - 2019” respublika tanlovi hamda xalqaro olimpiada g‘oliblari va ularning o‘qituvchilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4306-son qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra endilikda xalqaro olimpiada g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi: 1-o‘rin (oltin medal) uchun – 500 (111,5 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 450 baravar (100,35 mln. so‘m); 2-o‘rin (kumush medal) uchun – 300 (66,9 mln. so‘m), o‘qituvchisiga – 250 baravar (55,75 mln. so‘m); 3-o‘rin (bronza medal) uchun – 200 (44,6 mln. so‘m), o‘qituvchisiga –150 baravarida (33,45 mln. so‘m). 2019 yilda O‘zbekiston terma jamoasi Xalqaro olimpiadalarda jami 8 ta medalni qo‘lga kiritdi. Jumladan, 11-22 iyul kunlari Buyuk Britaniyaning Bat shahrida bo‘lib o‘tgan 60-Xalqaro matematika olimpiadasida (IMO) O‘zbekiston jamoasi 1 ta bronza medal (2018 yilda medal olinmagan) va 3 ta diplom, 14-21 iyul kunlari Vengriyaning Seged shahrida bo‘lib o‘tgan 30-Xalqaro biologiya olimpiadasida (IBO) O‘zbekiston jamoasi 3 ta bronza medal (2018 yilda medal olinmagan), 21-30 iyul kunlari Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan 51-Xalqaro kimyo olimpiadasida (IChO) O‘zbekiston jamoasi 2 ta kumush va 2 ta bronza medal (2018 yilda 2 ta bronza medali) sohibi bo‘ldi.
Karimov Islomjon va Mohira Boltayeva xalqaro olimpiadalarda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Jasurbek Imomov, Saidaxon Valijonova, Xosiyatxon Qudratova, Husen Egamov, Ulug‘bek Boyirbekov va Diyor Xayitovlar xalqaro olimpiadalarda bronza medal sohibiga aylandi. 2 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda xalqaro olimpiadalarning kumush medal sohiblari Islomjon Karimov va Mohira Boltayevaga (har biriga) 66,9 mln. so‘mdan, ularning o‘qituvchilari Baxtiyor Usmanov va Dilshod Haydarovga esa 55,7 mln. so‘m topshirildi. Bronza medal sohiblari 44,6 mln. so‘m va ularning o‘qituvchilari esa 33,45 mln so‘m bilan rag‘batlantirildi. “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi - 2019” respublika tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi - 2019” respublika tanlovi 19 mart kuni boshlanib, unda ishtirok etish uchun 88 mingdan ziyod o‘qituvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Tanlov uch bosqichda tuman (shahar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar va respublika miqyosida 13 ta fandan bo‘lib o‘tdi. Mazkur tanlovda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dars berayotgan oliy ma’lumotli, kamida 3 (uch) yillik pedagogik stajga, ikkinchi va undan yuqori malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar ishtirok etishi belgilangan edi. Har bir o‘qituvchi faqat bitta fandan qatnashish huquqiga ega bo‘ldi. Joriy yilgi tanlovda ishtirokchilar Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali faoliyatini #yiloqituvchisi2019 va #yilo‘qituvchisi2019 xeshteglaridan foydalangan holda muntazam yoritib borishi talab etildi. Ushbu yangilik keng ommani o‘qituvchilar faoliyati bilan tanishtirib borish maqsadida tanlov shartlariga kiritildi. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi joriy yilning 11-13 sentyabr kunlari mamlakatimizning barcha viloyatlarida fanlar kesimida tashkil etildi. Jumladan, Toshkent viloyatida ona tili va adabiyoti, Toshkent shahrida jismoniy tarbiya, Andijonda matematika, Qashqadaryoda informatika va axborot texnologiyalari, Buxoroda fizika, Sirdaryoda biologiya, Jizzaxda kimyo, Samarqandda geografiya, Farg‘onada davlat tili, Surxondaryoda boshlang‘ich ta’lim, Xorazmda davlat va huquq asoslari, Namanganda musiqa, Navoiyda ingliz tili fanlaridan o‘tkazildi. “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi - 2019” tanlovining Respublika bosqichi ishtirokchilari quyidagi shartlar asosida bellashdi: birinchi bosqich ijtimoiy tarmoqlarda to‘plagan ovozlar soniga qarab 20 ball, ikkinchi bosqich dars o‘tish mashg‘ulotlari asosida 50 ball va uchinchi bosqich test sinovlari 30 ball, jami 100 ballik asosda baholandi. Tanlov natijasiga ko‘ra jami 34 nafar o‘qituvchi g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. Tanlovning respublika bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan g‘oliblar eng kam ish haqining 15, 12, 8 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimida tanlov g‘oliblariga pul mablag‘i va diplomlar topshirildi. Marosim doirasida ta’lim sohasida uzoq vaqt faoliyat yuritgan Oqil Calimov va G‘ayrat Shoumarov barkamol avlodni kamol toptirishda qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi.