TOSHKENT SHAHRIDA MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI INFORMATIKA VA AXBOROT TEXNOLOGIYALARI OLIMPIADASI O‘TKAZILDI

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda joriy yilning 16 noyabr kuni poytaxtimizda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi informatika va axborot texnologiyalari olimpiadasida 100 nafarga yaqin iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi.

Mazkur olimpiada informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha Xalqaro fan olimpiadalariga O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirishning saralash bosqichlaridan biri hisoblanadi.

Olimpiada natijalariga ko‘ra 1-o‘rinni Toshkent shahri, Mirobod tumanidagi 60-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Sardor Shokirov, 2-o‘rinni Buxoro muhandislik texnologiya instituti akademik litseyi o‘quvchisi Sohib Nutfullayev va 3-o‘rinni Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti akademik litseyi o‘quvchisi Yevzman Yan Lvovich egalladi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning ustozlari pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga, olimpiadada eng yuqori ball to‘plagan dastlabki 20 nafar ishtirokchilar iqtidorli o‘quvchilar zaxirasiga qabul qilindi hamda 2020 yilda Singapur davlatida o‘tkaziladigan 32-xalqaro informatika olimpiadasida (IOI-2020) ishtirok etuvchi milliy terma jamoasini shakllantirish bo‘yicha saralash bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.