TOSHKENT SHAHRIDA MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI INFORMATIKA VA AXBOROT TEXNOLOGIYALARI OLIMPIADASI O‘TKAZILADI

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi hamkorligida joriy yilning 16-noyabr kuni poytaxtimizda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi informatika va axborot texnologiyalari olimpiadasi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 3-maydagi qarorida ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning ilm egallashga bo‘lgan ishtiyoqi va intellektual salohiyatini oshirish, istiqbolli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, shuningdek xalqaro maydonda mamlakatimizning nufuzini yanada yuksaltirish uchun iqtidorli yoshlarni aniqlash maqsad qilindi.
Toshkent shahrida tashkil etilayotgan mazkur olimpiada ham informatika va axborot texnologiyalari fani bo‘yicha xalqaro olimpiadalarga O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirishning saralash bosqichlaridan biridir.
Ushbu olimpiadada 2018-2019-o‘quv yilida hududiy xalq ta’limi va kasb-hunar ta’limi boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadasining III bosqichida g‘olib bo‘lib (1-2-3-o‘rin), hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinf, akademik litseylarning 1- va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 3-bosqichida tahsil olayotgan 100 nafarga yaqin iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etadi. Ishtirokchilar olimpiadada 5 ta dasturlashga doir masalalarni 3 soat mobaynida C++, Pascal va Delphi dasturlash tillaridan foydalanib yechishlari kerak bo‘ladi.
Informatika va axborot texnologiyalari olimpiadasiga Muhammad al-Xorazmiy nomining berilishi bejiz emas. Shu fanning asosi hisoblangan “algoritm” tushunchasi buyuk bobokalonimiz Muhammad al-Xorazmiy nomidan kelib chiqqan. Bugungi kunda biz foydalanadigan o‘nlik pozitsion hisoblash sistemasi va shu sistemadagi amallarning dunyoga tarqalishiga Al-Xorazmiyning “Arifmetika” risolasi sabab bo‘lgan. O‘z davridagi ilm-fanning deyarli barcha sohalarida tadqiqotlar olib borib, 20 ga yaqin asarlar yaratgan. “Al-jabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob”, “Hind hisobi haqida kitob”, “Qo‘shish va ayirish haqida kitob” asarlari ilm-fan taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi informatika va axborot texnologiyalari olimpiadasi g‘oliblari Xalq ta’limi vaziriligi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan diplom hamda mukofotlar bilan taqdirlanadi. Eng yuqori ball to‘plagan dastlabki 20 nafar ishtirokchi iqtidorli o‘quvchilar zaxirasiga qabul qilinadi hamda 2020 yilda Singapur davlatida o‘tkaziladigan 32-xalqaro informatika olimpiadasida (IOI-2020) ishtirok etuvchi milliy terma jamoasini shakllantirish bo‘yicha saralash bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.