XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI XORIJIY MA’LUMOTLARGA EGA YUQORI MALAKALI MUTAXASSISLARNI RAHBARLIK LAVOZIMLARIGA TAKLIF QILADI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2030 yilgacha xalq ta’limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Hujjatda xalq ta’limi sohasidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.

Islohotlarni amalga oshirish maqsadida, Xalq ta’limi vazirligi mamlakatimizdagi barcha maktablarda sifatli ta’limni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni boshladi.

Alohida qayd etish joizki, mazkur jarayonda belgilangan maqsadlarga erishish uchun kadrlar tanlovi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda, Xalq ta’limi vazirligi chet elda o‘qigan yuqori malakali va tashabbuskor kadrlarni jalb qilish bo‘yicha ish olib bormoqda.

So‘nggi 16 oy ichida Xalq ta’limi vazirligi tizimida chet el universitetlarida tahsil olgan qator mutaxassislar o‘z faoliyatini boshladi, jumladan:

- Loyola-Chikago (AQSh) universiteti bitiruvchisi Muxayyoxon Azamova XTV donorlari va grantlari bilan ishlash sektori rahbari vazifasida mehnat faoliyati yuritib, 50 million dollardan ortiq miqdordagi grantlarni jalb qilishga yordam berdi;

- Rustam Karimjonov, Solbrij (Koreya Respublikasi) xalqaro universiteti magistri, Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi «Innovatsiya, texnologiyalar va strategiya» Markazini boshqardi. Shu bilan birga, Prezident maktablarini ishga tushirish loyihasiga rahbarlik qildi.

- Xirosima universiteti magistri Amirulla Abdullayev ham Prezident maktablarini yaratish loyihasida ishtirok etdi. Loyiha doirasida u maktab o‘quv dasturini tuzish va o‘qituvchilarni tanlash masalalarini ko‘rib chiqdi;

- Shuhrat Qayumov - Yaponiya siyosiy tadqiqotlar instituti magistri, Xalq ta’limi vazirligi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazining direktori. Uning rahbarligida markaz jamoasi ta’lim sohasida zamonaviy axborot texnologiyalarini, masalan, OpenEMIS, xt.uzedu.uz va boshqa loyihalarni joriy etish ustida ishlamoqda.

- XTV Maktablarning zamonaviy modellari va davlat-xususiy sheriklik boshqarmasi boshlig‘i Sarvarbek Sadullayev – M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti (bakalavr) va G‘arbiy Shotlandiya universitetining magistraturasida tahsil olgan. Ayubxon Sultonov (Kardiff Metropolitan universiteti) ushbu boshqarmada rahbar o‘rinbosari. Ular hozirgi paytda xalq ta’limi sohasida 60 dan ortiq davlat-xususiy sheriklik loyihalari ustida ishlamoqda. Osiyo Taraqqiyot Banki bilan hamkorlikda Toshkentning Sergeli tumanida DXSh orqali maktablarni qurish va saqlashga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish bo‘yicha faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari Zuxriddin Shodmonov (Middlsaks universiteti), Firdavs Kutliyev (Fulda amaliy fanlar universiteti), Shoxzod Sadullayev (Moskva moliya va iqtisodiyot instituti), Sarvar Butanov (Sungsil universiteti), Jamila Umarova (Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti), Nursulton Rahimov (Buyuk Britaniyaning Kembrij kolleji), Ma’sum Xakimov (Janubiy Xitoy texnologiya universiteti) ham vazirlik tizimida faoliyat olib bormoqda. Ular ham soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Xalq ta’limi vazirligi tizimni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqchi bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni ishga taklif qiladi.

Biz sizga har tomonlama qulay ish sharoitlarini taklif etamiz. Mazkur taklifga qiziqqan shaxslar o‘z rezyumelarini quyidagi elektron pochta orqali yuborishlari mumkin: hr.uzedu@gmail.com.