XORAZM VILOYATIDA AHMAD AL-FARG‘ONIY NOMIDAGI FIZIKA OLIMPIADASI O‘TKAZILADI

     O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 3 maydagi qarorida o‘quvchi-yoshlarni ilm egallashga bo‘lgan ishtiyoqi va intellektual salohiyatini oshirish, xalqaro fan olimpialarda muvaffaqiyatli ishtiroki orqali xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini yanada yuksaltirish maqsad qilindi.

Shu maqsadda, joriy yilning 9 noyabr kuni Xorazm viloyatida tashkil etilayotgan Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi fizika olimpiadasi Xalqaro fan olimpiadalariga O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirish bo‘yicha saralash bosqichlaridan biri hisoblanadi.

Ushbu olimpiadada 2018-2019 o‘quv yilida hududiy xalq ta’limi va kasb-hunar ta’limi boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadasining III bosqichida g‘olib bo‘lib (1-2-3-o‘rin), hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinf, akademik litseylarning 1- va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 3-bosqichida tahsil olayotgan 100 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etadi.

Fizika olimpiadasiga Ahmad al-Farg‘oniy nomining berilishi bejiz emas. Buyuk alloma Ahmad al-Farg‘oniy fizika, astronomiya va matematika fanlari rivojiga katta hissa qo‘shgan mutafakkir hisoblanadi. O‘z davridagi aniq fanlarning deyarli barcha sohalarida tadqiqotlar olib borib, yuzga yaqin asarlar yaratgan. "Yulduzlar ilmi usuli kitobi" asari, “Yetti iqlimni hisoblash haqida”, “Oyning Yer ostida va ustida bo‘lish vaqtlarini aniqlash haqida risola”, “Quyosh soatini yasash haqida kitob” qo‘lyozmalari ilm-fan taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi.

Olimpiada g‘oliblari Xalq ta’limi vaziriligi va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlanadi hamda 2020 yilda Litvaning Vilnyus shahrida o‘tkaziladigan 51-xalqaro fizika olimpiadasida (IPhO-2020) ishtirok etuvchi milliy terma jamoasini shakllantirish bo‘yicha saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Qo‘shimcha respublika olimpiadasi ishtirokchilari orasidan eng yuqori ballarni to‘plagan dastlabki 20 nafar ishtirokchilar iqtidorli o‘quvchilar zahirasiga qabul qilinadi va ular bevosita xalqaro fizika olimpiadasining saralash bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati