ABU RAYHON BERUNIY NOMIDAGI KIMYO OLIMPIADASI BO‘LIB O‘TDI
ABU RAYHON BERUNIY NOMIDAGI KIMYO OLIMPIADASI BO‘LIB O‘TDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘quvchi-yoshlarni ilm egallashga bo‘lgan ishtiyoqi va intellektual salohiyatini oshirish, xalqaro fan olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtiroki orqali xalqaro maydonda mamlakatimiz nufuzini yanada yuksaltirish maqsad qilindi. Joriy yilning 30 oktyabr kuni Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan Abu Rayhon Beruniy nomidagi kimyo olimpiadasi O‘zbekiston terma jamoasini Xalqaro fan olimpiadalariga shakllantirish bo‘yicha saralash bosqichlaridan biri hisoblanadi. Ushbu olimpiadada 2018-2019 o‘quv yilida hududiy xalq ta’limi va kasb-hunar ta’limi boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan asosiy fan olimpiadasining III bosqichida g‘olib bo‘lib (1-2-3-o‘rin), hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinf, akademik litseylarning 1- va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 3-bosqichida tahsil olayotgan 100 nafarga yaqin iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi. Qizg‘in bahslardan so‘ng olimpiada g‘oliblari aniqlandi. Jumladan, 1-o‘rin Toshkent davlat pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Mirumid Mirakbarovga, 2-o‘rin Buxoro shahridagi 35-maktab o‘quvchisi Firdavs Sobirovga, 3-o‘rin esa G‘uzor tumanidagi 68-DIMI o‘quvchisi Qobul Xayitovga nasib etdi. G‘olib o‘quvchilar jami 56,9 mln. so‘m (o‘qituvchilari esa 43,5 mln. so‘m) pul mukofoti hamda diplom bilan taqdirlandi. Mazkur olimpiada g‘oliblari 2020 yilda Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkaziladigan 52-xalqaro kimyo olimpiadasida (IShO-2020) ishtirok etuvchi milliy terma jamoasini shakllantirish bo‘yicha saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ishtirokchilar orasidan eng yuqori ball to‘plagan dastlabki 20 nafari iqtidorli o‘quvchilar zaxirasiga qabul qilinadi. Eslatib o'tamiz, birgina 2019 yilning o‘zida Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan 51-Xalqaro kimyo olimpiadasida (IShO) o‘quvchi-yoshlarimiz 2 ta kumush, 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 3 ta kumush, 1 ta bronza medallari bilan taqdirlandi.