“Xorijiy tillarni oʼqitish boʼyicha eng yaxshi maktab” tanlovi

Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan 2021/2022 oʼquv yilidan boshlab Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Xorijiy tillarni oʼqitish boʼyicha eng yaxshi maktab” tanlovi bir necha bosqichda tashkil qilinishi yoʼlga qoʼyildi. 
Tanlovning tuman(shahar), viloyat va Respublika bosqichida gʼolib boʼlgan maktablar Vazirlar Mahkamasining 562-son qarorida belgilangan mukofot pullari bilan taqdirlandi. 

🔶Tuman(shahar) bosqichida gʼolib boʼlgan maktablar tuman hokimligi tomonidan:
1-oʼrin – 100 million soʼm, 2-oʼrin – 75 million soʼm, 3-oʼrin – 50 million soʼm.

🔶Viloyat bosqichida gʼolib boʼlgan maktablar viloyat hokimligi tomonidan: 
1-oʼrin – 250 million soʼm, 2-oʼrin – 200 million soʼm, 3-oʼrin – 150 million soʼm. 

🔶Respublika bosqichida gʼolib boʼlgan maktablar Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan:
1-oʼrin – 500 million soʼm, 2-oʼrin – 400 million soʼm, 3-oʼrin – 300 million soʼm.

Bundan tashqari, ayni kunlarda tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etgan 70 nafar oʼquvchi va ularning 14 nafar ustozlari Buyuk Britaniya davlatida taʼlim sayohatiga boʼlib turibdi. 
Mazkur 7-9 sinf oʼquvchilarining hududlardagi chekka qishloqlarda taʼlim olib, shu yoshida bunday yuqori marralarni zabt etganlari quvonarli holat, albatta. Ularning kelajakda yetuk mutaxassis boʼlib yetishishlarida, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlar shubhasiz ularning xotirasida bir umr muhrlanib qoladi va ularning bilim olishlarida yana bir katta ragʼbat boʼlib hizmat qiladi. 
Taʼlim sayohatida oʼquvchilar xorijiy davlat fuqarolari hamda sayyohlar bilan mamlakatimiz tarixi, milliy qadriyatlarimiz haqida ingliz tilida suxbatlar qilishmoqda.
Bunday tarixiy voqeadan yoshlarimiz juda xursand va Davlat rahbariga oʼzlarining cheksiz minnatdorligi hamda taʼlimga berilayotgan eʼtibor uchun oʼz tashakkurini aytmoqdalar.
Mazkur tanlov joriy oʼquv yilida ham oʼtkaziladi, maktab terma jamoasi ishtirok etishi mumkin, barcha oʼquvchilarimizga omad tilab qolamiz.