Oʼzbekistonda Fan olimpiadalari gʼoliblari qanday ragʼbatlantiriladi?

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq fan olimpiadalari gʼoliblarini ragʼbatlantirishning yangi tizimi joriy etildi.
Mazkur qarorga koʼra quyidagi fan olimpiadalarida gʼoliblikni qoʼlga kiritgan oʼquvchilar va ularning oʼqituvchilari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

✅Xalqaro matematika olimpiadasi (International Mathematical Olympiad (IMO)),   

✅Xalqaro fizika olimpiadasi (International Physics Olympiad (IPhO)),

✅Xalqaro kimyo olimpiadasi (International Chemistry Olympiad (IChO)),

✅Xalqaro biologiya olimpiadasi (International Biology Olympiad (IBO)),

✅Xalqaro informatika olimpiadasi (International Olympiad in Informatics (IOI)

1-oʼrin (oltin medalь) uchun – oʼquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravar (111,5 mln. soʼm), oʼqituvchisiga – 450 baravar (100,35 mln. soʼm);
2-oʼrin (kumush medalь) uchun – oʼquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (66,9 mln. soʼm), oʼqituvchisiga – 250 baravar (55,75 mln. soʼm);
3-oʼrin (bronza medalь) uchun – oʼquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (44,6 mln. soʼm), oʼqituvchisiga –150 baravarida (33,45 mln. soʼm).
Xalqaro fan olimpiadalari gʼoliblarini tayyorlagan oʼqituvchilar va taʼlim muassasasi direktorlari navbatdagi oʼquv yili uchun direktor jamgʼarmasidan quyidagicha qoʼshimcha ustama oladilar:
1-oʼrin (oltin medalь) uchun – 200%;
2-oʼrin (kumush medalь) uchun – 175%;
3-oʼrin (bronza medalь) uchun – 150%.
Yuqoridagi nufuzli xalqaro olimpiadalarda medal bilan taqdirlangan oʼquvchilar Oliy taʼlim muassasalariga imtihonlarsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi.
Аsosiy olimpiadalarning respublika bosqichida gʼoliblikni qoʼlga kiritgan oʼquvchilar ixtisoslik fani boʼyicha davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi. Ularni tayyorlagan oʼqituvchilar esa, quyidagicha bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-oʼrin (oltin medalь) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida (11,15 mln. soʼm);
2-oʼrin (kumush medalь) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravarida (7,8 mln. soʼm);
3-oʼrin (bronza medalь) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarida (6,69 mln. soʼm).
‼️Taʼlim muassasalarida oʼqituvchi boʼlib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar gʼoliblari lavozim maoshiga 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi gʼoliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi toʼlanadi.
Oliy taʼlim muassasasini tamomlagan olimpiada gʼoliblari Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʼyicha “El-yurt umidi” jamgʼarmasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirsiga kiritiladi.
Bundan tashqari, yuqorida taʼkidlangan qarorga muvofiq matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan har yili bir marta oʼtkaziladigan qoʼshimcha respublika olimpiadasi joriy etilgan boʼlib, uning gʼoliblariga quyidagicha bir martalik pul mukofotlari belgilangan:
1-oʼrin (oltin medalь) uchun – oʼquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 (22,3 mln. soʼm), oʼqituvchisiga – 80 baravar (17,8 mln. soʼm);
2-oʼrin (kumush medalь) uchun – oʼquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 85 (18,9 mln. soʼm), oʼqituvchisiga – 65 baravar (14,49 mln. soʼm);
3-oʼrin (bronza medalь) uchun – oʼquvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 70 (15,6 mln. soʼm), oʼqituvchisiga –50 baravarida (11,15 mln. soʼm).
Qolaversa, mazkur qaror bilan Xalq taʼlimi vazirligida Fan olimpiadalari boʼyicha iqtidorli oʼquvchilar bilan ishlash Departamenti tashkil etilgan. Departament respublika va xalqaro miqyosda tashkil qilinadigan olimpiadalarni muvofiqlashtiradi, onlayn olimpiadalar tashkil qiladi hamda muntazam ravishda iqtidorli oʼquvchilar zahirasini shakllantiradi va ularning monitoringini yuritadi.