Ilk bor O‘zbekistonlik o‘quvchilar Xalqaro fan olimpiadalariga tayyorgarlikni poytaxtimizning nufuzli mehmonxonalaridan birida olib bormoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 3-maydagi PQ–4306-son qarori qabul qilingandan keyin, nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi O’zbekiston terma jamoasiga nomzodlar ko’p bosqichda, xalqaro olimpiada standartlarida belgilangan talablar asosida saralab olinmoqda va o'quvchilar bilan xalqaro olimpiadalarga tizimli ravishda tayyorgarlik ko'rish amaliyoti yo'lga qo'yildi.

Saralash olimpiadalariga oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, shuningdek, xalqaro olimpiadalar sovrindori bo‘lgan trenerlar jalb qilinmoqda. Saralab olingan o‘quvchilar uchun  tajribali o‘qituvchilar, terma jamoa rahbarlari tomonidan mahorat darslari, kuchaytirilgan o‘quv mashg‘ulotlari doimiy ravishda tashkil etilmoqda. Yakuniy saralash olimpiadalari natijalari asosida shakllantirilgan 17 nafar o’quvchilardan iborat O’zbekiston terma jamoasi a'zolari hamda saralash olimpiadalarida yuqori natijalarni qayd etgan 50 nafar 9-10-sinf o‘quvchilari (terma jamoamizga zahira kadrlar!) bilan kuchaytirilgan o‘quv mashg‘ulotlarini davom ettirish uchun xorijiy mutaxassislar ham jalb qilinmoqda. Xususan, joriy yilda matematika, kimyo,  biologiya va fizika fanlaridan Amerika Qo'shma Shtatlari, Janubiy Korea, Rossiya Federatsiyasi terma jamoalarini xalqaro olimpiadalarga tayyorlashda bevosita ishtirok etib kelayotgan 6 nafar xorijiy trener-o’qituvchilar jalb qilingan bo‘lib, mamlakatimiz o’quvchilari bilan onlayn va oflayn tarzda nazariy va amaliy mashg’ulotlarni olib borishmoqda. Nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi O‘zbekiston terma jamoasi a'zolarini "O‘zbekiston" mehmonxonasiga joylashtirib, ularni xalqaro olimpiadaga tayyorlanishlari uchun kerakli barcha sharoitlar yaratildi. Bu o‘z navbatida o‘quvchilarimizning xalqaro olimpiadalardagi hayajonlanish holatlarini oldini olishga xizmat qiladi (rivojlangan mamlakatlarda bu tajriba o‘zini oqlab kelmoqda!)
 
Mazkur amaliyot yurtimiz yoshlarini xalqaro musobaqalarga puxta tayyorlanishlari, xaqlaro fan olimpiadalarida mamlakatimiz nufuzini yanada oshishi uchun xizmat qiladi deb umid qilamiz va terma jamoamiz a'zolariga omadlar tilab qolamiz.