MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI MATEMATIKA OLIMPIADASI BUXORODA O‘TKAZILADI

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida 25-26 oktyabr kunlari Buxoro shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika olimpiadasi o‘tkaziladi.

Mazkur olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etiladi. Olimpiada umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida matematika faniga qiziqishi yuqori bo‘lgan iqtidorli o‘quvchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Buxoro shahrida o‘tkaziladigan Mirzo Ulug‘bek nomidagi matematika olimpiadasida 2018-2019 o‘quv yilida asosiy fan olimpiadasining III bosqichida g‘olib bo‘lib (1-2-3-o‘rin va 76 balldan yuqori natija ko‘rsatgan), hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinf, akademik litseylarning 1- va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 3-bosqichida tahsil olayotgan 100 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etadi.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati