JIZZAX VILOYATIDA ABU ALI IBN SINO NOMIDAGI BIOLOGIYA OLIMPIADASI O‘TKAZILADI

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Jizzax viloyat hokimligi bilan hamkorlikda joriy yilning 22 oktyabr kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi biologiya (qo‘shimcha respublika) olimpiadasi bo‘lib o‘tadi.

Ushbu olimpiada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Jizzax shahridagi “Umid” ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida o‘tkaziladigan mazkur olimpiadada 2018-2019 o‘quv yilida asosiy fan olimpiadasining III bosqichida g‘olib bo‘lib (1-2-3-o‘rin), hozirgi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinf, akademik litseylarning 1- va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 3-bosqichida tahsil olayotgan 100 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etadi.

Olimpiada ishtirokchilariga 40 ta test savoli va ushbu testlarni bajarish uchun 3 soat vaqt ajratiladi. Belgilangan muddat ichida ishtirokchilar javob varaqasini to‘ldirib, nazoratchilarga taqdim etishlari lozim.

Natijalarga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilarning uch nafari g‘olib deb topiladi. G‘olib o‘quvchilar pul mukofoti va faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadi.