BUXORO VILOYATIDA O‘TKAZILGAN “OCHIQ MATEMATIKA OLIMPIADASI” G‘OLIBLARI ANIQLANDI

Joriy yilning 13 oktyabr kuni Buxoro viloyatining Buxoro shahrida Xalq ta’limi vazirligi, Buxoro Davlat Universiteti va Italiyaning Piza Universiteti hamkorligida “Ochiq matematika olimpiadasi” o‘tkazildi.

Olimpiada buyuk matematik olim al-Xorazmiy izdoshlarini aniqlash, ularning matematika faniga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantirish va ularning matematik savodxonligini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Olimpiadada mamlakatimizning turli viloyatlaridan 1200 dan ortiq o‘quvchilar ishtirok etishdi. Olimpiada ikkita yo‘nalishda: 7-9 sinflar (1-yo‘nalish) va 9-11 sinflar (2-yo‘nalish) o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga 5 ta masala va ushbu masalalarni yechish uchun 4 soat vaqt ajratildi. Har bir masala 7 ballik tizimda baholandi.

O‘quvchilar tomonidan bajarilgan ishlar Italiyaning Piza Universiteti va Buxoro Davlat Universitetining professor o‘qituvchilari, Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamentining yetakchi mutaxassislari hamda Xalqaro matematika olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan malakali matematiklar tomonidan tekshirildi.

Ta’lim muassasalarining 7-9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida 1-o‘ringa Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi 185-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Komilov Samandar munosib ko‘rilgan bo‘lsa, 9-11 sinflar o‘rtasidagi yana bir g‘oliblik Surxondaryo viloyati, Termiz tumanidagi 14-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Ismatov Abdulloga nasib qildi. G‘oliblar Xalq ta’limi vazirligining diplom va medallari bilan taqdirlandi. Shuningdek, ishtirokchilar orasidan “O‘ziga xos yechim”, “Eng yaxshi g‘oya” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.