OʻZBEKISTONDA ILK BORA “QORAKOʻL MAKTABI” ASOSCHISI TOʻXTAMUROD JUMAYEV NOMIDAGI MATEMATIKA OLIMPIADASI TASHKIL ETILADI

Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 3-maydagi qarori ijrosi doirasida olimpiada tashkil etilmoqda. Mazkur olimpiada Xalq taʼlimi vazirligi va “Qorakoʻl Ziyo” oʻquv markazi hamkorligida oʻtkaziladi.

Ilk olimpiada joriy yilning 15-sentyabr kuni Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi 34-umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtadi. Unda mamlakatimiz umumtaʼlim maktablarining 5-11-sinf, akademik litseylarning 1-2-bosqich va kasb-hunar kollejlarining 3-bosqich oʻquvchilari ishtirok etishi mumkin.

Ishtirokchilar 3 soat ichida 6 ta masala yechishi kerak boʻladi. Olimpiada uchun topshiriqlar (yozma ishlar) davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlariga mos ravishda Xalq taʼlimi vazirligining Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash departamenti va “Qorakoʻl Ziyo” oʻquv markazi tomonidan hamkorlikda tuziladi.

Gʻolib oʻquvchilar “Qorakoʻl Ziyo” oʻquv markazi tomonidan televizor, planshet va smartfon kabi mukofotlar bilan ragʻbatlantiriladi. Bundan tashqari, ishtirokchilar orasidan “oʻziga xos yechim”, “eng yaxshi gʻoya” va boshqa nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanadi.

Olimpiadada ishtirok etishni xohlovchi oʻquvchilar quyidagi telefon raqami orqali registratsiya qilishlari soʻraladi: +998999964400.

Mazkur olimpiadaga Toʻxtamurod Murtozayevich Jumayev nomi berilishi bejiz emas. Toʻxtamurod Jumayev koʻp yillar davomida matematika oʻqituvchisi boʻlib faoliyat yuritgan. 1990-2015-yillarda Qorakoʻl tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internati direktori vazifasida ishlagan.

Toʻxtamurod Jumayev tashkil qilgan Qorakoʻl maktabida oʻziga xos taʼlim olish tizimi joriy qilingan. Natijada maktab oʻquvchilarining 90%i oliy oʻquv yurtlariga qabul qilingan.

Bundan tashqari, ushbu maktab oʻquvchilari matematika fanidan Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, koʻplab medallarni qoʻlga kiritgan. Hozirgi kunga qadar matematika olimpiadasida qoʻlga kiritilgan medallar soni 36 tani tashkil etadi. Shulardan 23 tasi Jumayev maktabi oʻquvchilariga taqdim etilgan.

Qorakoʻl maktabining matematika sohasidagi yutuqlari, qolaversa maktabni bitirgan yoshlarning bugungi kunda davlatimizning turli sohalarida yuqori malakali kadrlar qatorida samarali faoliyat olib borayotgani ham bevosita bu insonning tinimsiz mehnati, fidoyiligi mahsulidir.