GURLAN TUMANIDA HUDUDIY MATEMATIKA OLIMPIADASI OʻTKAZILADI

2019-yilning 8-sentyabr kuni Gurlan tumanida Xorazm viloyati hududiy matematika olimpiadasi oʻtkaziladi.

Olimpiada Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 3-maydagi qarori ijrosi doirasida Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi va Gurlan tumani hokimiyati hamkorligida tashkil etilmoqda.

Xorazm viloyati hududiy matematika olimpiadasi joriy yilning 8-sentyabr kuni Gurlan tumanidagi 40-sonli ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasasida boʻlib oʻtadi.

Olimpiadada Xorazm viloyati, Gurlan tumani umumtaʼlim maktablarining 8-11-sinf oʻquvchilari ishtirok etadi. Olimpiada 8-9-sinflar va 10-11-sinflar uchun alohida oʻtkaziladi.

Olimpiadada Gurlan tumanida joylashgan 43 ta maktabning har bir sinfidan bir nafardan oʻquvchi ishtirok etadi (jami 172 nafar oʻquvchi).

Ishtirokchilar 2,5 soat ichida 5 ta masala yechishlari kerak boʻladi. Mazkur olimpiada uchun topshiriqlar (yozma ishlar) davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlariga mos ravishda tuziladi.

Olimpiadaga Urganch davlat universitetining yetakchi professor-oʻqituvchilari hakam sifatida jalb etiladilar.

Gʻolib oʻquvchilar Gurlan tumani hokimligi tomonidan ragʻbatlantiriladi.