Asosiy fan olimpiadasining III (viloyat) bosqichi hamda Xalqaro fan olimpiadalariga saralashning birinchi bosqichi

Xalqaro fan olimpiadalari tashkil qilinadigan fanlardan (matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika) viloyat olimpiadasi va xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasiga saralashning birinchi bosqichi kunlari quyidagicha.

Qolgan fanlardan viloyat bosqichi fevral-mart oylarida o‘tkaziladi.
 

Asosiy fan olimpiadasining III (viloyat) bosqichini o‘tkazish

tartibi va baholash mezonlari

 

2021-yil 25-29-noyabr kunlari birinchi guruh (matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari) fanlaridan asosiy olimpiadaning III (viloyat) bosqichi (keyingi o‘rinlarda - olimpiada) o‘tkaziladi.

 

Olimpiadani tashkil etish va o‘tkazish

Quyidagilar olimpiada ishtirokchilari hisoblanadi:

asosiy olimpiadaning II (tuman/shahar) bosqichida tegishli fan va sinf bo‘yicha              1, 2, 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar;

akademik litseylar, kasb-hunar maktablari hamda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar tomonidan tavsiya etilgan 3 nafargacha o‘quvchilar;

2020-2021-o‘quv yilida asosiy olimpiadaning III (viloyat) bosqichida 1-o‘rinni  egallagan va hozirda maktab, akademik litsey yoki kasb-hunar maktablarining  o‘quvchilar (o‘tgan o‘quv yilida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan fani bo‘yicha).

        

Olimpiada natijalarini baholash

Olimpiada matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlaridan ikkita turda tashkil qilinadi. Bunda:

ishtirokchilarga turli qiyinlik darajasidagi 5 ta yozma ish topshiriqlari (7, 7, 10, 10 va 16 balli topshiriqlar, jami 50 ball bilan baholanadi)ni bajarish uchun 180 daqiqa vaqt ajratiladi hamda ishtirokchilarga turli qiyinlik darajasidagi 30 ta test savollari taqdim qilinib, ularni bajarish uchun 90 daqiqa vaqt beriladi. Test topshiriqlarining dastlabki                10 tasi sodda darajadagi yopiq test (A, B, C, D javob variantlaridan tanlanadi) bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 0,9 ball bilan baholanadi;

keyingi 10 tasi o‘rta qiyinlik darajadagi yopiq test bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 1,5 ball bilan baholanadi;

qolgan 10 tasi ochiq test (javobi yoziladigan) bo‘lib, har bir to‘g‘ri javob 2,6 ball bilan baholanadi, jami 50 ball (10*0,9+10*1,5+10*2,6=50). Ishtirokchilar ikki tur bo‘yicha umumiy 100 ball bilan baholanadi.

Informatika va axborot texnologiyalari fanidan olimpiada bitta turda tashkil qilinadi.  Ishtirokchilarga turli qiyinlik darajasidagi 7 ta masala (5, 5, 7, 7, 10, 10, 16 ballik masalalar)ni onlayn portalda yechishlari uchun 240 daqiqa vaqt beriladi, to‘liq ishlangan va tizimda qabul qilingan masalalarga tegishlicha ball beriladi, jami 60 ball. Ishtirokchilar masala uchun dastur kodlarini faqat C++, Python, Java dasturlash tillarida yozishlari talab etiladi.

Umumiy natijalariga ko‘ra, har bir fan va sinf kesimida ishtirokchilar orasidan ballar ketma-ketligida 3 nafar g‘olib (1-, 2-, 3-o‘rinlar) aniqlanadi va hakamlar hay’ati qarori asosida tashkiliy qo‘mita tomonidan keyingi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, g‘olib o‘rinlar uchun bir nechta ishtirokchilarning ballari teng bo‘lgan taqdirda, yozma ish natijalari bo‘yicha ko‘p ball to‘plagan o‘quvchi ustunlikka ega bo‘ladi;

agar yozma ish natijalari ham teng bo‘lsa, yozma ishdagi murakkab topshiriqlar bo‘yicha ko‘p ball to‘plagan o‘quvchi ustunlikka ega bo‘ladi.

Informatika va axborot texnologiyalari fanidan bir nechta ishtirokchilarning ballari teng bo‘lgan taqdirda, tizim avtomatik ravishda tez ishlagan o‘quvchining reytingini yuqorida ko‘rsatadi, ya’ni o‘quvchilarning masalani ishlashga sarflagan vaqtlari hisobga olinadi.

Barcha holat bo‘yicha ham ballar teng bo‘lgan taqdirda o‘quvchilarga hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha 3 ta ochiq test (javobi yoziladigan) beriladi va g‘olib aniqlanadi.

Barcha fanlardan nazorat materiallari Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tuziladi va maxfiyligi ta’minlangan holda joylarga yetkaziladi.

Barcha hududlarda olimpiada jarayonlari belgilangan grafik asosida bir vaqtda boshlanadi.

Topshiriqlar ishtirokchilarga o‘zbek yoki rus tillarida beriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida topshiriqlar qoraqalpoq tiliga tarjima qilinishi mumkin. Bunda, tarjima qo‘lyozma shaklda o‘quvchilarga taqdim etilishiga ruxsat beriladi.

 

Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan O‘zbekiston terma

jamoasini saralashning birinchi bosqichini o‘tkazish tartibi

va baholash mezonlari

 

2021-yil 30-noyabr kuni nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etuvchi terma jamoaga nomzodlarni saralashning I bosqichini (keyingi o‘rinlarda – saralash olimpiadasi) tashkil etiladi.

Saralash olimpiadasini o‘tkazish tartibi

Saralash olimpiadasi Qoraqalpog‘iston  Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda birinchi guruh (matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda informatika  va axborot texnologiyalari) fanlaridan bitta turda o‘tkaziladi.

Saralash olimpiadasida ishtirokchilarga sinfidan qat’i nazar, birinchi guruh fanlari yo‘nalishida xalqaro fan olimpiadalari standartlari asosida bir xil nazorat materiallari taqdim etiladi va natijalar ham sinflarga va hududlarga ajratilmagan holda e’lon qilinadi.

Quyidagilar saralash olimpiadasi ishtirokchilari hisoblanadi:

2021-2022-o‘quv yilida o‘tkaziladigan asosiy olimpiadaning III (viloyat) bosqichida birinchi guruh fanlari bo‘yicha sinflar kesimida, ballar ketma-ketligida 1-5-o‘rinlarni egallagan 9-11-sinf va akademik litsey hamda kasb-hunar maktablarining o‘quvchilari;

2020-2021-o‘quv yili hamda joriy o‘quv yilida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar;

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan tavsiya qilingan o‘quvchilar (har bir fandan 5 nafargacha);

2020-2021-o‘quv yilida nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etgan, hozirda  umumta’lim maktablarida, akademik litsey va kasb-hunar maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilar.

Xolislik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida olimpiada katta auditoriya yoki paviliyonlarda o‘tkaziladi.

Saralash olimpiadasining shaffof, adolatli va barcha xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda tashkil etish uchun olimpiada jarayonlari: topshiriqlarni qog‘ozga chiqarish, ishtirokchilarning topshiriqlarni bajarish jarayonlari videokuzatuv orqali yozib olinishi va ijtimoiy tarmoqlarda (Facebook, Instagram) jonli tarzda namoyish qilinishi lozim.

Saralash olimpiadasi topshiriqlarini bajarish uchun ishtirokchilarga 4 soat vaqt beriladi (topshiriqlarni yechish uchun ajratilgan vaqtga - topshiriqlarni tarqatish, tushuntirish va yig‘ib olishga sarflanadigan vaqtlar kirmaydi).

Nazorat materiallari quyidagicha shaklda beriladi:

Fizika fanidan - yozma ish uchun turli qiyinlik darajasidagi 5 ta masala (7, 7, 10, 10 va 16 balli topshiriqlar) beriladi va jami 50 ball  bilan baholanadi;

Matematika fanidan - yozma ish uchun turli qiyinlik darajasidagi 5 ta masala (7, 7, 10, 10 va 16 balli topshiriqlar) beriladi va jami 50 ball bilan baholanadi;

Kimyo fanidan - yozma ish uchun turli qiyinlik darajasidagi 5 ta masala (7, 7, 10, 10 va 16 balli topshiriqlar) beriladi va jami 50 ball bilan baholanadi;

Biologiya fanidan - yozma ish uchun turli qiyinlik darajasidagi 5 ta topshiriq (7, 7, 10, 10 va 16 balli topshiriqlar) beriladi va jami 50 ball bilan baholanadi;

Informatika va axborot texnologiyalari fanidan – 5 ta masalani onlayn portalda yechish uchun 240 daqiqa vaqt beriladi, to‘liq ishlangan va tizimda qabul qilingan har bir masalaga tegishlicha ball (7, 7, 10, 10 va 16 balli topshiriqlar) beriladi, jami 50 ball. Ishtirokchilar masala uchun dastur kodlarini faqat C++, Python, Java dasturlash tillarida yozishlari talab etiladi.

O‘quvchilar topshiriqlarni yakunlagandan so‘ng, savollar kitobchasi ishtirokchilarning o‘zida qoldiriladi hamda javoblar varag‘ining nusxasi yoki uning elektron shakli o‘quvchilarga taqdim qilinadi;

Barcha ishtirokchilarning asl javoblar varag‘i Xalq ta’limi vazirligi xodimi tomonidan yig‘ib olinib, Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamentiga taqdim qilinadi.

Ishtirokchilar tomonidan bajarilgan ishlar hakamlar hay’ati tomonidan xolislik va adolat prinsiplari asosida tekshiriladi va baholanadi.

Umumiy ishtirokchilar orasidan har bir fan bo‘yicha Respublikada eng yuqori ballarni qo‘lga kiritgan (sinfidan qat’iy nazar) dastlabki 25 nafar ishtirokchilar saralab olinadi va nufuzli xalqaro fan olimpiadalariga saralashning keyingi bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Ballar ketma-ketligida 25-o‘rindagi bir necha ishtirokchilarning  to‘plagan ballari teng bo‘lib qolgan taqdirda, ularning barchasi xalqaro olimpiadalarga saralashning keyingi bosqichda  ishtirok etishiga  ruxsat beriladi.