FAN OLIMPIADASI GʻOLIBLARI JORIY YILDA QAYSI YOʻNALISHLARGA IMTIHONSIZ DAVLAT GRANTI ASOSIDA KIRA OLISHI MUMKINLIGI HAQIDAGI ROʻYXAT TASDIQLANDI
FAN OLIMPIADASI GʻOLIBLARI JORIY YILDA QAYSI YOʻNALISHLARGA IMTIHONSIZ DAVLAT GRANTI ASOSIDA KIRA OLISHI MUMKINLIGI HAQIDAGI ROʻYXAT TASDIQLANDI
Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi fan olimpiadasi gʻoliblari joriy yilda oliy oʻquv yurtlarining qaysi yoʻnalishlarga imtihonsiz, davlat granti asosida kira olishi mumkinligi haqidagi roʻyxatni eʼlon qildi. Davlat komissiyasi majlisining 2019-yil 4-iyuldagi 1-son bayoni bilan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Olimpiada fani va tanlovlar bilan oliy taʼlim yoʻnalishlari oʻrtasidagi kasbiy muvofiqlik tasdiqlandi. Eslatib oʻtamiz, umumtaʼlim fanlari boʻyicha respublika olimpiadalarida 1–3-oʻrinlarni olgan oʻrta maxsus oʻquv muassasalari bitiruvchilari va umumtaʼlim maktablarining 11-sinf oʻquvchilari test va qoʻshimcha imtihonlarsiz oliy oʻquv yurtlariga qabul qilinadi. Bunda oliy oʻquv yurti mutaxassisliklari va olimpiadalar fanlari oʻrtasidagi muvofiqlik inobatga olinadi. Olimpiadaning respublika bosqichi 18 ta umumtaʼlim fanlaridan (maxsus maktab-internati oʻquvchilari uchun ona tili va adabiyot hamda matematika fanlaridan) oʻtkazildi. Mazkur bosqichda 1059 nafar (448 nafari akademik litsey va kasb-hunar kolleji, 611 nafari maktab oʻquvchilari) oʻquvchilar ishtirok etdi. Olimpiadaning respublika bosqichi yakuniga koʻra, jami 18 ta fandan 53 nafar oʻquvchi gʻolib deb topildi va shundan 20 nafari 1-oʻringa, 18 nafari 2-oʻringa va 15 nafari 3-oʻringa sazovor boʻldi.